14 Iyun 2022 yil 359

Sektor rahbari Nurafshonda sayyor qabul o’tkazdi

“Obod mahalla” dasturi doirasida Baxmal tumani 3- sektor hududidagi mahallalarda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda asosiy e’tibor infratuzilmani yanada yaxshilash, xususan yo’l qurilishi, elektr tayanchlarini almashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’. Qodirov Baxmal tumanida o’tkazgan sayyor qabuli avvalida Nurafshon mahallasining Tongotar qishlog’ida olib borilayotgan yo’l qurilishi ishlarining borishi bilan tanishdi. SHu yerda tuman mas’ullari, mahalladagi hokim yordamchilari bilan suhbatda bo’lib, mutasaddilarga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash, yangi ish o’rinlari yaratish bo’yicha topshiriqlar berdi.

Sayyor qabul avvalida esa bir nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, “Ayollar dafatri”da ro’yxatda turgan 4 nafar xotin-qizlarga mikroto’lqinli pech, 4 kishiga gaz plitalari, bir necha fuqaroga oziq-ovqat mahsulotlari, 16 yoshga to’lgan 4 nafar shaxslarga O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar topshirildi. SHuningdek, 5 nafar tashabbuskor yoshlar “Faxriy yorliq” bilan taqdirlandi.

36- o’rta umumta’lim maktabida o’tkazilgan sayyor qabulda tumanning Nurafshon, Tongotar, Gulobod mahalla va qishloqlari aholisi mavjud muammolarini bartaraf etishda amaliy yordam so’rashdi. Xususan, elektr tayanch ustunlarini almashtirish, oqar suv va ichimlik suvi bilan ta’minlash, ko’chalarga shag’al yotqizish, sel oqibatida yaroqsiz holga kelgan ko’prikni soz holatga keltirish, salomatligini tiklash, imtiyozli kredit ajratilishi, suyultirilgan gazni yetkazib berishdagi muammolarni bartaraf etish, transformatorni almashtirish, uy-joy qurilishida kredit ajratilishi, alimentni undirish, ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini yo’lga qo’yish bilan bog’liq qator masalalar bayon qilindi.

Qabulda ko’tarilgan har bir masala mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirokida ko’rib chiqilib, ijrosini ta’minlashga qaratilgan vazifalar yuklatildi.

Qisqasi, aholi, xususan yoshlar bilan muloqotda bildirilgan taklif va mulohazalar, ko’tarilgan muammolar asosida hudud aholisi turmush sharoitini yanada yaxshilashga oid choralar belgilib olindi.

Text to speech