19 Yanvar 2022 yil 422

Sayyor sudda 16 nafar mahkum shartli ozod qilindi

Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi probatsiya guruhi tomonidan ochiqda jazo o’tayotgan mahkumlarni ijtimoiy moslashtirish, bandligini ta’minlash, mavjud muammolarini o’rganish va hal etish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, profilaktik tadbirlarda o’nglanish yo’liga o’tgan mahkumlarni muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish choralari ko’rilayapti.

Jizzax davlat pedagogika institutida o’tkazilgan profilaktik tadbir avvalida ham axloq tuzatish, shartli hukm qilingan, muayyan huquqdan mahrum va ozodlikni cheklash jazosini o’tayotgan shaxslar sud tomonidan belgilangan cheklovlarga qat’iy amal qilishlari zarurligi uqtirildi. Shuningdek, o’tgan 2021 yil davomida hududda probatsiya guruhi hisobida jazo o’tayotgan mahkumlar tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar, insonparvarlik tamoyillari asosida muddatidan oldin shartli ozod qilinganlar xususida ma’lumot berildi va qonunchilikka kiritilayotgan o’zgartirish va qo’shimchalar ham ma’lum qilindi. Tadbirkorlik faoliyatini yo’lga qo’yishlari uchun kredit mablag’i va subsidiya olish tartiblari tushuntirildi.

Shundan so’ng, jinoyat ishlari bo’yicha Jizzax shahar sudi tomonidan sayyor sud majlisi o’tkazildi.

Aytish joiz, ishi ko’rilgan mahkumlarning aksariyati tuzalish yo’liga o’tib, mehnatga xalol munosabatda bo’lib kelgan. Sud ajrim chiqarishda ana shu omillarni hisobga oldi va 16 nafar axloq tuzatish, ozodlikdan cheklash kabi jazoni o’tayotgan shaxslar muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi. Bir nafar mahkum yuklatilgan majburiyatlarni bajarmasdan, tartib va qoidaga amal qilmaganligi bois shartli sinov muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.

Tadbir davomida Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’limi xotin-qizlar masalalari bo’yicha inspektori probatsiya guruhi nazoratida turgan ayollar bilan ularning muammolarini hal etish nuqtai nazaridan suhbat uyushtirdi.

Bundan tashqari, Jizzax shahar aholi bandligiga ko’maklashish markazi tomonidan bo’sh ish o’rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi va 4 nafar mahkumlar ishga joylashtirildi.

SHuningdek, psixologlar nazorat ostidagi shaxslar bilan suhbatlashishdi. O’zaro muloqot chog’ida mahkumlarning harakater xususiyatlari, ruhiyati o’rganilib, tegishli tavsiyalar berildi.

Text to speech