27 May 2022 yil 344

Muammo bartaraf etilmoqda

SHu yil bahorning yomg’irli kunlarida Mirzacho’l tumani G’alaba mahalla fuqarolar yig’inidagi Barokat, YAngiobod, YAngihayot ko’chalarini suv bosdi va turar joylar turli darajada zarar ko’rdi. Muammoning yuzaga kelishiga hududda ariq va suv tortuvchi drenajlarning barpo etilmaganligi sabab bo’ldi.

O’z navbatida aholi murojaatlari asosida ayni kunlarda mazkur uylarni ta’mirlash va sizot suvlar to’planishining oldini olishga mo’ljallangan tarmoqlar yuzaga keltirilmoqda. SHu ma’noda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov G’alabada bo’lib, qurilish va ta’mirlash ishlarining sur’ati va sifati bilan tanishdi.

Ma’lumot o’rnida aytish kerak, mahalladagi uylarning 29 tasi zax tufayli sezilarli darajada zarar ko’rgan. Bundan tashqari 58 ta uyga qisman ziyon yetgan. Muammolarni hal qilish turar joylardagi kamchiliklarni bartaraf etishdan boshlandi va ishga 150 ga yaqin quruvchi jalb qilindi.

Xuddi shunday, ko’chalarga lotok o’rnatish uchun yer kovlanmoqda. Jami 5 kilometru 700 metrlik lotoklar o’rnatish rejalashtirilgan. Bundan tashqari 50 metr chuqurlikka ega 3 ta drenaj qudug’i qaziladi. To’plangan suvlarni hududdan chiqarish va zovurga tushirish uchun yana 700 metr atrofida yirik hajmli lotoklar o’rnatiladi. Bu ishlar uchun Jizzax viloyati hokimligi 2 milliard so’m, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi esa 800 million so’m ajratdi.

3- sektor rahbari G’alabadagi turar joylarda ta’mirlash ishlarini olib borayotgan mas’ullar bilan muloqot o’tkazar ekan, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, obodonlashtirish ishlarini sifatli amalga oshirish bo’yicha tavsiya va topshiriqlar berdi. Bu jarayonda fuqarolar bandligini ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Qisqasi, muammolar tez orada yechim topadagan ko’rinadi. Aytgancha,  2021 yilda G’alaba mahallasida yashovchi 47 ta oilaning ehtiyojmandligi inobatga olinib, to’lanmagan kredit to’lovlarini so’ndirish uchun byudjetdan 1 milliard 209 million so’m to’lab berilgan.

SHu kuni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Forish tumanining Egizbuloq qishloq fuqarolar yig’inida bo’lib, seldan ko’rilgan zarar oqibatlarini bartaraf etish bo’yicha olib borilayotgan ishlar jarayoni bilan ham tanishdi.

Text to speech