21 Yanvar 2022 yil 420

Mahallabay ishlashning yangi tizimi joriy qilinmoqda

Joriy yilning 15 yanvarida respublikamiz Prezidenti raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yo’lga qo’yish va aholi bandligini ta’minlash bo’yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishi bo’lib o’tdi va davlat idoralari mas’ullariga bir qator topshiriqlar berildi. Shu ma’noda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i aholi punktlarida bo’lib, insonlar turmush madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish tadbirlari hamda ishbilarmonlar faoliyati bilan tanishyapti.

Jumladan, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov dastlab Paxtakor tumanidagi Dilorom mahallasida bo’ldi. Bu yerda noqonuniy inshootlarni buzilib, chiqindilar olib chiqilmoqda. Ochiq aytish kerak, 4 ming 544 nafar fuqaro istiqomat qiladigan, 56 ta ko’p qavatli uy hamda 83 ta hovliga ega mazkur mahallada tozalik borasidagi vaziyatni yaxshi, deb bo’lmaydi. Xuddi shunday, turar joylarning tashqi ko’rinishi ham ko’ngildagidek emas. Lekin tez orada hammasi o’zgarishi aniq. Chunki davlat rahbari topshirig’i asosida Paxtakor tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha 3- sektor shtabi a’zolari vaziyatni o’nglashga astoydil kirishganlar.

Chunonchi, qisqa muddatlarda hududdagi ko’p qavatli uylarni ta’mirlash, yo’llarga shag’al yotqizish rejalashtirilgan. Holatiga ko’ra, elektr, suv va gaz tarmoqlari yangilanadi yoki sozlanadi. Aholini band qilish hamda tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash bo’yicha ham yaxshigina mo’ljallar bor. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i shu joyda hokimlik va kommunal xizmat ko’rsatish korxonalari rahbarlari bilan muloqot o’tkazib, obodonlashtirish, qurilish va ta’mir ishlariga qo’shimcha texnikalar, yonilg’i mahsulotlari ajratish, ko’chalarga shag’al yetkazishni jadallashtirish bo’yicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, 3-sektor rahbari hokim yordamchilari bilan gaplashib oldi. Bu jarayonda asosiy e’tibor tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o’rinlari yaratishga oid masalalarga qaratildi. So’ng viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Zafarobod tumanining Uzun qishloq fuqarolar yig’inidagi tadbirkorlik sub’yektlari vakillari bilan uchrashdi.

Chunonchi, intensiv usulda baliq yetishtirish ustida ish olib borayotgan Sherzod Zokirovning faoliyati bilan tanishildi. Ushbu tadbirkor 10 ming dona baliq parvarishlash imkonini beruvchi 10 sotixlik sun’iy havzani yuzaga keltirmoqda. Yana bir uzunlik 71 yoshli Bahodir Hamroyev hovlisidagi 3 sotix maydonga ega issiqxonadan yiliga 2 marta hosil olayapti. U bu yil yana bir issiqxona quradi. Boboning ta’kidlashicha, yangi issiqxona zamon talablariga mos bo’ladi.

Shuningdek, 3- sektor rahbari 45 sotix maydonda issiqxona qurgan Bo’riboy Sariboyev bilan muloqot o’tkazdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i eski bino o’rnida bolalar oromgohi ochmoqchi bo’lgan tadbirkor faoliyati bilan ham tanishdi. Qisqasi, ishbilarmonlar muammolari o’rganildi, faoliyatni yanada kengaytirish hamda ular tajribasini yoyish bo’yicha yordam ko’rsatiladigan bo’ldi.

Shu kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Arnasoy tumanidagi Mirzo Bobur mahalla fuqarolar yig’iniga ham bordi. Mazkur mahallani qisqa muddatlarda obod qilish ko’zda tutilayotir. Hududda hozirda 10 dan ortiq qurilish texnikalari ishlamoqda. Tez orada mahallada aholi salomatligini mustahkamlash, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga kirishiladi. Aytish joiz, insonlar turmush madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan bunday tadbirlar viloyatning barcha hududlarida amalga oshirilayapti.

Text to speech