14 Sentyabr 2021 yil 481

Ijodkorlar bilan uchrashuv samarali kechdi

SHarof Rashidov tumanidagi 14- sonli o’rta umumta’lim maktabida ichki ishlar vazirligi hamda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi. Uchrashuvda “El-yurt osoyishtaligi generallari” kitobi taqdimoti va muallif bilan uchrashuv ham tashkil etildi.

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi, tuman ichki ishlar bo’limi mas’ullari, ijodkorlar hamda mahalla faollari ishtirokidagi tadbirda asosiy e’tibor o’nayotgan avlodning ma’naviy dunyosini boyitishga qaratildi. SHu bilan birga taniqli olim, yuridik fanlari doktori Abdug’affor Sattorov tomonidan yaratilgan, Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining bevosita tashabbusi bilan chop etilgan “El-yurt osoyishtaligi generallari” nomli kitobining taqdimoti ham o’tkazildi.

Tadbirda ushbu kitobning mohiyati, xodimlar xizmatida tutadigan o’rni, ichki ishlar organlari xodimlarida ko’p yillar samarali faoliyat yuritgan, turli murakkab davrlar, qaltis vaziyatlarda ham o’z jonini ayamasdan, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo’shgan fidoyi xodimlarning ibratli hayoti va faoliyati haqida so’z bordi. Bugungi ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohotlar xususida ham so’z yuritilib, muallifning ayni damdagi ijodiy ishlari haqida ham ma’lumot berildi.

Tadbirda mamlakatimizda yosh avlodning ta’lim olishi, istedod va iqtidorlarini namoyon etishlari uchun yaratilgan sharoitlar ham tilga olindi. O’quvchilar bugun ustozlaridan fan sirlarini chuqur o’rganib, kelajakda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo’shadigan shaxs bo’lib voyaga yetishlari zarurligi uqtirildi. SHaxsning bilimli, zukko, intellektual rivojlanishida kitobning o’rni va ahamiyati tushuntirildi. Ijodiy uchrashuvda kitob muallifi tomonidan maktab jamoasiga esdalik sovg’alari hamda kitoblar to’plami topshirildi.

Uchrashuvda o’quvchilar tomonidan ustozlarni ulug’lovchi qo’shiqlar kuylanib, she’rlar o’qildi. Tadbir mehmonlari maktab hayoti bilan tanishdilar. Dars jarayonlarini kuzatib, o’quvchilar bilan suhbatda bo’ldilar.

Text to speech