11 Iyun 2022 yil 57

Xodimlar uchun zarur sharoitlar yaratiladi

Bugungi kunda viloyat ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasi binosini barpo etish izchillik bilan amalga oshirilayapti. SHu kunga qadar 5 qavatli bino qad rostladi. Hozirda bino devorlarini pardozlash, atrofni obod qilish ishlari olib borilayapti. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov ushbu ishlarning borishini ko’zdan kechirdi.

Qayd etilishicha, xodimlar uchun zarur sharoit yaratiladi. Xususan, mebellar, komp’yuterlar, aloqa va axborot vositalari bilan ta’minlanadi. Xodimlarning intellektual bilimlari va jismoniy tayyorgarligini oshirishga ham e’tibor qaratiladi.

Xuddi shunday, Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo’l harakati xavfsizligi bo’limi uchun ham yangi bino bunyod etilayapti. Boshqarma boshlig’i ushbu qurilish ishlarining borishi bilan tanishib, ish sur’atini oshirish, zarur sharoitlar yaratish, atrofni obod qilish bo’yicha mutasaddilarga vazifalar yukladi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i Zomin tumanining Peshag’or va Istiqlol mahallalarida ichki ishlar bo’limi binolari qurilishini ko’zdan kechirish chog’ida hududda obodlikni ta’minlashga e’tibor qaratish kerakligini urg’uladi.

Ta’kidlash joiz, ushbu bunyodkorlik ishlari so’nggiga yetib qolgan. Hozirda so’nggi pardozlash, yo’laklar qurish ishlari bajarilayapti. Boshqarma boshlig’i ushbu ishlarni o’z muddatida yakunlash hamda ichimlik va oqar suv, elektr ta’minoti, xizmat xonalarini jihozlash, tungi yoritish, shuningdek qurilishdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech