22 Yanvar 2022 yil 398

Faoliyat tahliliga bag’ishlandi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o’tgan 2021 yil davomida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda joriy yil rejalari muhokamasiga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari hamda onlayn videokonferens aloqa orqali hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida tashkil etilgan yig’ilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov bugun ichki ishlar organlari oldiga qo’yilgan vazifalarning samarali amalga oshirilishi ko’p jihatdan barcha bo’g’indagi rahbar va xodimlarning salohiyatiga, mas’uliyat va intilishiga bevosita bog’liq ekanligi haqida gapirdi.

Yig’ilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tashkiliy boshqarma boshlig’i, podpolkovnik Rahmatulla Bo’riyev Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 2021 yil davomida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklar xususida axborot berdi.

Qayd etilishicha, asosiy e’tibor fuqarolar xavfsizligini samarali ta’minlash va jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi. Pirovardida yil davomida viloyatdagi 299 ta mahallaning 41 foizida, ya’ni 122 tasida birorta ham jinoyat ro’y bermagan, 66 tasida esa qonunbuzarliklarni kamaytirishga erishilgan.

Tanqidiy ruxdagi yig’ilishda jinoyatchilik tumanlar kesimida tahlil etildi. Sodir etilgan bosqinchilik, talonchilik, tan jarohati yetkazish, o’g’irlik, firibgarlik kabi qonunbuzarliklarga sabab bo’lgan omillar aytildi. Huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasidagi kamchiliklar tufayli voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar hamda jamoat joylarida, shuningdek oila-turmush doirasidagi, ichki ishlar organlari probatsiya guruhlari nazoratida jazo o’tayotgan mahkumlar ishtirokida ham qonunbuzarliklar kuzatilgani ma’lum qilindi.

Tadbirda jinoyatlarni fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ushlash darajasi yaxshilanganligi tilga olinib, yo’l-transport hodisalarining oldini olish choralari muhokama qilindi.

Ta’kidlanishichi, viloyatda sodir etilgan jinoyatlarning asosiy qismi Jizzax shahri, SHarof Rashidov, Zomin va G’allaorol tumanlari hissasiga to’g’ri keladi. SHu ma’noda, kamchiliklarga yo’l qo’ygan rahbarlar tanqid ostiga olinib, faoliyatni o’nglashga oid aniq topshiriqlar berildi.

Yig’ilishda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo’yicha faoliyat olib borayotgan situatsion markaz faoliyati, qilinayotgan va rejalashtirilayotgan ishlar haqida ham so’z bordi. SHuningdek, ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etilishi tanqidiy ko’rib chiqilib, ayrim rahbarlarning xatti-harakatlari keskin muhokama qilindi.

Majlisda har bir masala atroflicha muhokama etilib, qonunbuzarliklarning oldini olishda “mahallabay” va “fuqarobay” tarzda ishlash bo’yicha aniq choralar belgilandi.

Text to speech