30 Sentyabr 2022 yil 319

 Ezgu ishga qo’l urildi

Jizzax viloyati G’allaorol tumani Gulchambar qishloq fuqarolar yig’inida joylashgan Katta qizilbuloq qishlog’ini tuman markazidan 91, Jizzax shahridan 120 kilometr masofa ajratib turadi. SHu bois qishloq ahli tibbiy, savdo va maishiy xizmat bilan bog’liq masalalarni hal qilish uchun G’allaorolga emas, 25 kilometr uzoqlikda joylashgan qo’shni viloyatning Payariq tumaniga borishni ma’qul ko’radi. Ammo kuz, qish va bahorda ana shu yo’lning bir qismini sel yuvishi natijasida qizilbuloqliklarning qisqa yo’ldan harakatlanish imkoni yo’qqa chiqadi. Aytgancha, bu yo’ldan hududdagi Toshbuloq, Tepali, Beshbola qishlog’ida yashovchilar ham foydalanadilar.

Qisqasi, qizilbuloqliklar Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov qishloq fuqarolar yig’inida o’tkazgan sayyor qabulda yo’l muammosini ko’tarishdi. O’z navbatida G’allaorol tumani IIB shaxsiy tarkibi va qishloq ahli ishtirokida hashar tashkil qilindi. SHuningdek, 3- sektor ishchi guruhi tomonidan sement va shag’al ajratilib, yo’lning sel yuvib ketadigan 10 metrdan ortiq qismiga beton yotqizildi.

Yаqin kunlarda ushbu yo’lning qiya joylariga shag’al to’shaladi. Aytgancha, qishloqdagi simyog’ochlar ham yangilanmoqda. Aniqrog’i, bugungacha 60 ta temir beton ustunlar o’rnatilgan, rejada yana 30 tasi bor. Bir vaqtda qoplamali elektr simlari tortilmoqda. Ushbu tadbirga 12 ishchi va 1 ta texnika jalb qilingan. Mazkur muammo ham 3- sektor rahbarining  sayyor qabulidan keyin o’z yechimini topa boshladi.

  

 

 

 

 

 

 

Text to speech