1 Iyun 2023 yil 356

Asar qahramoni bilan yuzma-yuz

Jizzax viloyati IIB tomonidan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni hamda bolajonlarning yozgi ta’tilni maroqli o’tkazishlari, o’nib kelayotgan avlodning barkamol bo’lib yetishlari, ularni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida qator tadbirlar tashkil etildi.

Xususan, viloyat musiqali drama teatrida xizmat vaqtida vafot etgan xodimlar, viloyat IIO tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo’linmalari xodimlarining oila a’zolari va farzandlari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun teatr tomoshalari uyushtirildi. Tadbirda teatr ijodiy jamoasi tomonidan bolalarning sevimli adibi, O’zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To’xtaboyevning “Sariq devni minib” asari qahramonlari sahnada jonlantirildi.

Sahna asarida bosh qahramon Hoshimjonning sehrli qalpoqcha yordamidagi ajoyibu g’aroyib ishlari, biri biridan qiziq holatlar, kulgili vaziyatlar, sarguzashtlari aktyor va aktrisalar tomonidan mahorat bilan ijro etildi. Bu o’z navbatida yosh tomoshabinlar ko’nglidan chuqur joy egallab, dangasalik va yolg’onchilik hech qachon yaxshilikka olib kelmasligini idrok etishlari zamin yaratdi.

Mazkur teatr tomoshasidan so’ng qiziqarli viktorina o’tkazildi. Jarayonda o’zlarining iste’dod va iqtidorlarini namoyish etgan bolajonlar esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi. Qisqasi, ulg’ayib kelayotgan yosh avlodni ma’nan boy, jismonan sog’lom va axloqan pok bo’lib voyaga yetkazishga qaratilgan tadbir bolalarga quvonch ulashdi.

Text to speech