20 Yanvar 2022 yil 73

3-sektor rahbari tadbirkorlar muammolarini o’rgandi

Mamlakatimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti, xorijiy investorlar, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Bu borada mavjud muammolarni bartaraf etish korxonalar faoliyati barqarorligini ta’minlash va yanada rivojlantirishda muhim o’rin tutadi. Shu ma’noda, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Mirzacho’l tumanidagi korxonalar faoliyatini o’rgandi. “Mirzacho’l teks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo’lgan boshqarma boshlig’iga korxonaning ishlab chiqarish quvvati va mavjud muammolari haqida ma’lumotlar berildi. Qo’shimcha ishchi o’rni yaratilishiga to’siq bo’layotgan omillar aytildi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i tuman hokimi va mutasaddilar bilan birgalikda tumanda yaqinda ish boshlagan un ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini o’rgandi. “Sangzor biznes parranda don dunyosi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli korxona uskunalari Turkiya davlatidan keltirilgan bo’lib, bir kunda 120 tonna un ishlab chiqarish quvvatiga ega. 20 nafar fuqaro esa doimiy ish bilan ta’minlangan va mahsulotlarni qo’shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joiz, tumanda bu kabi ishlab chiqarish korxonalari soni ortib bormoqda. Xususan, joriy yilda bo’sh turgan yana bir binoda tikuvchilik fabrikasi faoliyat boshlaydi. Bu o’z navbatida 200 nafar xotin-qizlar uchun ish o’rni yaratsa, “Faxr-mo’min” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli fabrika ishlab chiqarish ko’lamini yanada kengaytirish arafasida. Boshqarma boshlig’i tadbirkorlar bilan suhbat chog’ida mavjud muammolarni o’rgandi. Ularni hal etish bo’yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatdi.

Bundan tashqari, hudud imkoniyatidan kelib chiqqan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligi, daromadlari va turmush darajasini izchil oshirishga qaratilgan baliqchilik, parrandachilik va chorvachilik yo’nalishidagi loyihalarni qo’llab-quvvatlash, tadbirkorlar uchun zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga oid masalalarni hal etish lozimligi qayd etildi. Xullas, shu kuni Mirzacho’l tumanda ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan zarur choralar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech