3 Mart 2021 yil 608

Jizzaxda inspektorlar malaka oshirishmoqda

IIV Jizzax akademik litseyida ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo’yicha inspektorlarining sohaga oid bilim va ko’nikmalari boyitildi. Xizmatning 15 nafar vakillariga IIV malaka oshirish institutining professor o’qituvchilari saboq berdilar. Sayyor o’quv yig’ini davomida respublikamiz Prezidenti tomonidan ichki ishlar organlariga qo’yilgan talablar hamda faoliyatga doir huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ijrosini ta’minlash tartib-tamoyillari xususida atroflicha ma’lumot berildi.

Chunonchi, ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo’yicha inspektorlari tomonidan mamlakatimiz rahbarining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog’lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo’llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorlarini samarali bajarish masalalariga e’tibor qaratildi. Ta’lim jarayonida zamonaviy axborot-o’quv texnologiyalari va ilg’or pedagogik uslublardan keng foydalanildi.

IIV malaka oshirish instituti vakillari tomonidan ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari bo’yicha inspektorlari faoliyatida hamda huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash borasida yuzaga kelayotgan murakkabliklarni aniqlashga qaratilgan so’rovnoma o’tkazildi. Bu tadbir kelgusida ushbu muammolarni hal qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish nuqtai nazaridan tashkil etildi.

5 kun davom etgan o’quv yakunida inspektorlarning bilim va malakalari test orqali sinaldi. Imtihondan muvaffaqiyatli o’tganlarga sertifikatlar topshirildi.  Ma’lumot o’rnida aytish kerak, mazkur sayyor o’quv yig’ini respublikamiz Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi hamda 2018 yil 28 avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorlari asosida uyushtirildi.

SHuningdek, IIV malaka oshirish instituti professor o’qituvchilari ishtirokida IIV Jizzax akademik litseyida “Til – millat ko’zgusi” mavzuida davra suhbati bo’lib o’tdi. Tadbirda o’zbek tilining tarixiy ahamiyati, tilimizning mavqeini oshirish, lotin alifbosiga asoslangan o’zbek alifbosini takomillashtirish kabi qator masalalar yuzasidan fikr va mulohazalar yuritildi. Davra suhbatida o’quvchilar o’zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.  

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech