3 Fevral 2023 yil 508

“Jasorat maktabi” o’quv yig’ini yakunlandi

Jizzax viloyati harbiy ma’muriy sektori hamda Markaziy harbiy okrug qo’shinlari qo’mondonligi tomonidan tashkil etilgan “Jasorat maktabi” o’quv yig’ini yakunlandi.

Ta’kidlash joiz, mazkur tadbir doirasida ichki ishlar organlarida profilaktik nazoratida, shu bilan birga “YOshlar daftari”da ro’yxatda turgan 100 nafar yigitlar 10 kun davomida SHarof Rashidov tumanidagi harbiy qismda yashadilar. Ular harbiy qismda o’tkazgan kunlari davomida Milliy Armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan askar va ofitserlarning hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo’lishdi. CHunonchi, yig’in qatnashchilariga harbiy qurol-yarog’lar va texnikalar haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, jangovar sport o’yinlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda kasbga yo’naltirishga qaratilgan treninglar o’tildi. SHu bilan birga Jizzax shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tomonidan elektr, payvandchilik, santexnika ustalari hamda issiqxona qurish va mahsulot yetishtirish yo’nalishlarida kasbiy mahoratlari oshirildi.

Mazkur o’quv yig’in yakuni munosabati bilan tantanali tadbir o’tkazildi. Tadbirda so’zga chiqqanlar bu yerda olingan bilim va ko’nikmalari hayot maktabi vazifasini o’tashiga ishonch bildirishdi. SHundan so’ng mini futbol bo’yicha viloyat hokimi kubogi, Markaziy harbiy okrug qo’shinlari qo’mondoni sovrini uchun harbiy sport estafetasi, stol tennisi bo’yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i kubogi, milliy kurash bo’yicha Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi boshlig’i kubogi musobaqalari, “Zakovat” intellektual o’yini g’oliblari medal, diplom hamda sovg’alar bilan taqdirlanishdi.

Tantanali tadbir harbiy xizmatchilar va o’quv yig’ini ishtirokchilarining minbar oldidan saf tortib o’tishi bilan yakunlandi.

  

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech