3 Dekabr 2021 yil 380

“Sog’lom hayot” maxsus profilaktik tadbirlari kuchaytirilmoqda

Jizzax viloyati mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash boshqarmasida  Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan aholi o’rtasida ushbu virus tarqalishining oldini olishga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi. Tadbirda ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, viloyat sog’liqni saqlash boshqarmasi, viloyat OITSga qarshi kurashish markazi, oliy, o’rta maxsus hamda o’rta umumta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari kabi bir qator davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdilar.

 Yig’ilishda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2021 yil 26 iyundagi “Sog’lom hayot” maxsus profilaktik tadbirini o’tkazish to’g’risida”gi farmoyishining ijrosini ta’minlash masalasi ko’rib chiqildi. CHunonchi, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirokida tungi klublar, bar, restoran, diskoteka, chilimxona va massajxonalarda reydlar o’tkazish, fohishabozlikka qarshi kurashish, aholini tibbiy ko’rikdan o’tkazish, ommaning tibbiy madaniyatini oshirish, xususan OITSning oqibatlari, uning tarqalishining oldini olishga qaratilgan targ’ibot tadbirlarini kuchaytirilgan tartibda uyushtirish bo’yicha topshiriqlar berildi.

SHuningdek, aholi gavjum joylar, jamoat transportlari, o’quv muassasalarida mavzuga oid eslatmalar, pannolar o’rnatish, OITSning zararli oqibatlari to’g’risida ko’rsatuv va hujjatli fil’mlar namoyish etish, OITSga chalingan bemorlarga berilayotgan tibbiy va ijtimoiy yordam ko’lamini oshirish, sport musobaqalari va madaniy dasturlar tashkil qilish yuzasidan fikrlar bildirilar ekan, bu kabi ishlar mavsumiy bo’lib qolmasdan, yil davomida amalga oshirilishi lozimligi uqtirildi.

— Bugungi yig’ilishda ichki ishlar organlarining jinoyat qidiruv, huquqbuzarliklar profilaktikasi, patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash kabi sohaviy xizmatlari hamda Milliy gvardiya, OITSga qarshi kurashish markazi, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi kabi tashkilotlarning OITSga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini uyg’unlashtirishga kelishib olindi, — deydi Jizzax viloyati IIB jinoyat qidiruv boshqarmasining o’ta muhim ishlar bo’yicha tezkor vakili, podpolkovnik G’anisher Bo’ronboyev. — Bunday hamkorlik axloqqa qarshi huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar bilan tezkor profilaktik tadbirlar o’tkazish, bu yo’nalishdagi huquqbuzarliklarni aniqlash, axloqsiz turmush kechirayotganlar hamda giyohvandlarda OIV infeksiyasi va teri-tanosil kasalliklarini aniqlash kabi tadbirlar samaradorligini oshirishda qo’l kelishi tayin.

Yig’ilishda yoshlar, korxona va muassasalar ishchi-xodimlari, shuningdek uyushmagan aholi vakillari ishtirokida bir qator ommaviy targ’ibot tadbirlarini tashkil etish bo’yicha rejalar belgilab olindi.  

Text to speech