12 May 2022 yil 374

Shifokorlar Zominda tajriba almashishdi

IIO xodimlari hamda ularning oila a’zolari, soha faxriylari salomatligini saqlash bevosita IIV tibbiyot boshqarmasi tasarrufidagi davolash profilaktika muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Hozirda ushbu muassasalarni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash, shifokorlarning bilim va malakasini yanada oshirishga alohida e’tibor berilmoqda. Bu o’z navbatida kasalliklarga tashxis qo’yish, davolash jarayonidagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish, rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalanish, shifokorlarning o’zaro tajriba almashishlarida muhim o’rin tutadi. IIV tomonidan “Zomin” sog’lomlashtirish oromgohida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyaning maqsadi ham ayni masalaga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo’ldi. Anjumanda IIV tibbiyot boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalari kardiolog va nevrolog shifokorlari qatnashishdi.

Tadbir avvalida Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov, IIV tibbiyot boshqarmasi boshlig’i, podpolkovnik SHuhrat Nishonovlar mamlakatimiz sog’liqni saqlash tizimida kechayotgan islohotlar, IIO tibbiyot mussasalarida zarur qulayliklarni yaratish va davolash ishlarini yanada jonlantirish choralari haqida so’z yuritishdi.

Bosh miyada qon aylanishining o’tkir buzilishi natijasida miya to’qimasining shikastlanishiga insul’t deyiladi. Uning gemorragik va ishemik turlari mavjud bo’lib, gemorragik insul’tda bosh miya to’qimasiga qon qo’yiladi. Ishemik insul’tda esa bosh miyani ozuqa bilan ta’minlovchi asosiy qon tomirlari berkilishga uchraydi. Konferensiyada qayd etilishicha, nasl suruvchi salbiy irsiyat, chekish yoki alkogol iste’moli, qandli diabet, miokard infarkti, bosh miya qon aylanishining surunkali buzilishi belgilari, tez-tez asabiylashish kabi bir qancha omillar insul’t rivojlanishi xavfini oshiradi. “Insul’tni erta aniqlash va davolash taktikasi” mavzusidagi ma’ruzada ushbu kasallikni davolashda e’tibor qaratish lozim bo’lgan jihatlar hamda kasallik belgilari, alomatlari, xurujda birinchi yordam, amaliyotda uchrayotgan mavjud muammolar va jahon tajribasida qo’llanilayotgan davolash usullari tushuntirildi.

Ma’lum bo’lishicha, yurak-qon kasalliklari keyingi 20-25 yil ichida ancha ko’paygan. Bugungi kunda dunyoda har 32 soniyada aynan yurak qon-tomir kasalliklaridan 1 ta o’lim qayd etilishi shifokorlarni tashvishga solmoqda. Kardiolog va nevrolog shifokorlarning konferensiyasida yurak-qon kasalliklari orasida to’satdan ro’y beradigan eng og’ir va xavflisi hisoblangan miokard infarkti, uni davolash masalasi xususida ham ma’ruza tinglandi. Notiq respublikamizdagi joriy holat statistkasi, kasallik bilan og’riganlarning yosh tasnifi, shuningdek davolashdagi ilg’or tajribalarni ma’lum qildi. Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasidan keyingi muammoli kasalliklarni o’rganish, davolash, tibbiyot xodimlarining o’zaro hamkorligini yanada kengaytirish lozimligi ta’kidlandi.

Anjumanda inson tanasidagi, xususan bel, qo’l va oyoq hamda nevrologik og’riqlarga tashxis qo’yish va davolash, bemordagi tushkunlik, xavotirli depressiya, betoqatlik kuzatilganda psixiatr bilan hamkorlik qilish kerakligi aytildi. Har bir mavzu bo’yicha erkin suhbatlar uyushtirilib, amaliyotda uchrayotgan holatlar muhokama qilindi. SHuningdek, bu kabi tadbirlarni doimiy tashkillashtirish rejalashtirildi.

Konferensiya davomida IIV madaniyat saroyi ashula va raqs ansambli tomonidan xayriya konsert dasturi uyushtirildi. Qisqasi tibbiyot xodimlari o’zaro tajriba almashish barobarida madaniy hordiq chiqarish imkoniga ham ega bo’lishdi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

 

Text to speech