30 Noyabr 2022 yil 326

Rasmiy munosabat: hammasi qonuniy

Ijtimoiy tarmoqda Jizzax viloyatining Zomin tumanida ichki ishlar organlari xodimlari tadbirkor faoliyatiga aralashayotganligi iddao qilingan videotasvirlar hamda soha vakillari tadbirkorning uskuna va mahsulotlarini olib ketganligi to’g’risidagi yozma murojaat tarqaldi. 

Ammo murojaatda bayon etilgandek ichki ishlar organlari xodimlari qonunni buzmaganlar. YA’ni 2022 yilning 4 oktyabrida soha xodimlari Zomin tumani Dashtobod shahri Beruniy mahallasida joylashgan, fuqaro Bobur Madaminov rahbarlik qilayotgan “Dashtobod-omuxta” oilaviy korxonasini xolislar ishtirokida ko’zdan kechirganlar. Mazkur jarayonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi gigiyenik normativlari talablariga javob bermaydigan paxta moyi ishlab chiqarilayotgani aniqlandi.

SHu bois korxona omborxonasidan 2 ming 526 kilogramm texnik chigit, 226 kilogramm zaharli moddalar bilan ishlov berilgan urug’lik chigit, 42,5 kilogramm chigitli paxta, 1 tonna 590 litr paxta chigitidan olingan moy, paxta chigitidan olingan 1 tonna 426 kilogramm kunjara, juvoz uskunasi hamda zaharli moddalar bilan ishlov berilgan urug’lik chigitdan bo’shagan 42 dona qop hujjatlashtirib olingan.

O’z navbatida Zomin tumani sanitariya va epidemiologik  osoyishtalik va jamoat salomatligi bo’limi mazkur uskunada ishlab chiqarilgan moyning oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi gigiyenik normativlari talablariga javob bermasligini, ya’ni inson salomatligiga zarar yetkazishiga oid xulosa taqdim etgan. SHuningdek, “O’zagroinspeksiya”ning Zomin tumani bo’limi “Dashtobod-omuxta” oilaviy korxonasi texnik chigitni birja orqali xarid qilmaganligi, qolaversa qayta ishlash uchun muvofiqlik sertifikatiga ega emasligini qayd etgan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan O’zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 1862- moddasi 2- qismi “b”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo’zg’atilgan.

Text to speech