30 Noyabr 2022 yil 258

OAV vakillari kinologlar faoliyati bilan tanishdi

Jizzax viloyati IIB JXX JTSB kinologiya bo’linmasi faoliyati bilan matbuot va OAV vakillarini tanishtirish maqsadida press-tur o’tkazildi. Press-tur avvalida viloyat IIB JXX JTSB boshlig’i, podpolkovnik Xamza Salayev kinologlarning qonunbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan faoliyati xususida to’xtaldi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning o’tgan davrida bo’linma kinologlari xizmat itlari bilan birgalikda tergov tezkor guruhlari tarkibida voqea joyiga chiqib, 105 ta jinoyatni fosh etishgan. Mazkur qonunbuzarliklarning 41 tasi o’g’irlik, 64 tasi giyohvand vositalar bilan bog’liq. Xizmat itlari yordamida qariyb 17 kilogramm marixuana, gashish, opiy, geroin, pregabalin va ko’knori olingan. SHaxsiy tarkib boshqa sohaviy xizmatlar vakillari bilan hamkorlikda 17 nafar qidiruvdagi shaxsni ushlab, bedarak yo’qolgan 1 nafar fuqaroni topishdi. Bo’linmada xodimlarning bilimlarini oshirish, jismoniy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Tadbir davomida matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarga xizmat itlarini oziqlantirish, zarur anjomlar, ulardan foydalanish va xususiyatlari ma’lum qilindi. SHuningdek, bo’linma pitomnigi, ixtisosligiga ko’ra mashq maydonlari, veterinar xonasi bilan yaqindan tanishtirildi.

Ma’lumot o’rnida aytish kerak, Jizzax viloyati IIB JXX JTSB kinologiya bo’linmasida 46 ta nemis hamda SHarqiy yevropa ovcharkalari, rus spaniyellari, labradorlar, Bel’giya malinualari xizmatga o’rgatilib, parvarishlanmoqda. Ular iz qidirish, giyohvand va portlovchi vositalarni qidirib topish, ob’yektlarni qo’riqlash, jinoyatchilarni tutish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga oid ko’nikmalari muntazam oshirib boriladi.

Ishtirokchilar mutaxassislardan o’zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob berishdi.

Press-tur davomida kinologlar xizmat itlari yordamida umumiy va maxsus kurs yo’nalishlari bo’yicha ko’rgazma namoyish etishdi. Xususan, xizmat itlarining buyruqlarni bajarish, iz olish, giyohvandlik vositalari, qurol-aslaha va portlovchi moddalarni qidirib topish ko’nikmalari ko’rsatib berildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech