18 Noyabr 2022 yil 394

Matbuot anjumanida farmonning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi

Jizzax shahrida mamlakatimiz rahbarining 2021 yil 29 noyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmonining mazmun-mohiyatidan xabardor etishga qaratilgan matbuot anjumani tashkil etildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari, shuningdek Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining huquqbuzarliklar profilaktikasi, patrul’-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, yo’l harakati xavfsizligi hamda probatsiya sohaviy xizmatlari mas’ullari ishtirokida o’tgan anjuman avvalida 2021 yil 29 noyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmonining ahamiyati to’g’risida ma’lumot berildi.

Mavzu yuzasidan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig’i, podpolkovnik Ismoil Amanov atroflicha so’z yuritdi. CHunonchi respublikamiz Prezidentining  mazkur farmoni asosida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarlik profilaktikasi, yo’l harakati xavfsizligi, probatsiya xizmatlarini jamoat xavfsizligi departamentiga birlashtirish choralari ko’rilayotgani bayon qilindi. Ushbu sohaviy xizmatlar faoliyatidagi uyg’unlik huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlarni kuchaytirishda omil bo’lishi bildirildi.

Bundan tashqari jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida ichki ishlar organlarining milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar, prokuratura, milliy xavfsizlik xizmati, mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash kabi tizimlar bilan uzviy hamkorligini ta’minlash choralari belgilangan. YAna bir ma’lumot: 2022 yil 1 martga qadar mahalliy byudjet hisobidan har bir viloyatda kamida bittadan tumanlararo patrul’-post xizmati bo’linmalari tashkil qilinishi mo’ljallanayapti. Ushbu bo’linmalar xodimlari jinoyatchilik oshgan shahar va tumanlarga patrullikka jalb qilinadi. Qolaversa, aholi soni, demografik joylashuv hamda kriminogen vaziyat tahlil etilib, hududga mos ravishda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan ishlar kuchaytiriladi.

Umuman olganda farmon asosida 6 ta istiqbolli yo’nalishlar bo’yicha 96 ta tadbirlarni o’z ichiga olgan 2022-2025 yillarda O’zbekistonda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi hamda shu asosda 2022 yilda amalga oshiriladigan 30 ta aniq chora-tadbirlardan iborat yo’l xaritasi tasdiqlangan. CHunonchi, yo’l xaritasidan Ichki ishlar vazirligi va milliy gvardiya tizimidagi ta’lim muassasalarida jamoat xavfsizligi asoslari fanini joriy etish, viloyatdagi har 5 ta mahalla uchun 1 ta huquq tartibot maskani tashkil qilish orqali maskanlar sonini 60 taga yetkazish va o’sha hududga ichki ishlar organlari, milliy gvardiya, jamoatchilik vakillarini xizmatga jalb etish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Matbuot anjumanida shu kabi o’zgarish va yangiliklar to’g’risida batafsil fikr yuritildi. SHundan so’ng ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari mas’ullari jurnalistlar va ijtimoiy tarmoq faollarini qiziqtirgan savollarga javob qaytarishdi.    

Text to speech