5 Mart 2021 yil 659

Jizzaxda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tadbir uyushtirildi

8 mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida tantanali tadbir uyushtirildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi, sohaviy xizmatlar vakillari, xususan tizimda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar va faxriylar ishtirokida bo’lib o’tgan tadbir avvalida so’zga chiqqan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlashni o’z burchi, deb bilib ichki ishlar organlari safida fidokorona xizmat qilayotgan barcha xotin-qizlarni qutlug’ sana bilan muborakbod etdi.

Tadbirda so’z olganlar jamiyatimiz taraqqiyotida ayollarning tutgan o’rni, mamlakatimizda gender tengligini ta’minlash, tizimda xotin-qizlarning intellektual va jismoniy tayyorgarligini oshirish, ularni ijtimoiy himoyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to’xtalib o’tdilar.

Shundan so’ng O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po’lat Bobojonovning tegishli buyrug’i asosida ichki ishlar organlaridagi samarali xizmati uchun podpolkovnik Zuhraxon Mahkamova, podpolkovnik Alyona Jumayeva, mayor Marhabo Tursunova “Ichki ishlar organlaridagi benuqson xizmatlari uchun” ko’krak nishonlari bilan taqdirlandi. Xuddi shunday, mayor Lola Mamatqulova, safdor Kamola Qilicheva, leytenant SHahnoz Otaqulova, mayor Umida Qodirovalarga Ichki ishlar vazirligining faxriy yorliq, esdalik qo’l soati va pul mukofotlari topshirildi.

Yana bir guruh xotin-qizlar viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan moddiy rag’batlantirildi. Xuddi shunday, ichki ishlar organlari tizimida faoliyat olib borayotgan ayollarning Buxoroga sayohati uyushtiriladigan bo’ldi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech