19 Yanvar 2022 yil 374

Jizzaxda 3- sektor rahbari maktab-internat sharoitini o’rgandi

18 yanvar’ kuni respublika Ichki ishlar vaziri jamoat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini ta’minlashga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishi o’tkazgan edi. Mazkur yig’ilishda ichki ishlar organlari mas’ullariga ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatlarida ta’lim sharoitlarini yaxshilash bo’yicha topshiriqlar berildi. SHu ma’noda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov viloyat ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatini viloyat va shahar ichki ishlar organlari hamda xalq ta’limi tizimi mas’ullari bilan birgalikda o’rgandi.

Mazkur jarayonda 150 o’rinli o’quv xonasi, 150 o’rinli oshxona hamda 100 o’rinli yotoqxonaga zarurat borligi ayon bo’ldi. SHu bois viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda o’quv muassasasida amalga oshirilishi lozim bo’lgan qurilish va ta’mirlash rejasi hamda smetasini tayyorlash bo’yicha topshiriq berdi.

Ma’lumot o’rnida aytish kerak, viloyat ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internati 2005 yilda maktabgacha ta’lim muassasasi o’rnida qo’shimcha binolar qurish va moslashtirish yo’li bilan barpo etilgan. Bu yerda asosan Jizzax, qisman Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida yashovchi 286 nafar o’quvchi ta’lim oladi, yashaydi. O’quv dargohida 31 ta sinfxona bor. Mavjud 150 o’rinli yotoqxona 240 o’ringa moslangan. Joy yetishmasligi sabab 100 o’rinli oshxonadan 2 navbatda foydalaniladi.

Xullas, tez orada 3- sektor mas’ullari rahbarligida muasasasada qurilish va ta’mirlash ishlariga kirishiladi. Masalaga bunday yondashuv ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatlarining zamon talablariga moslanishida omil bo’ladi, desak xato emas.

 

Text to speech