30 Sentyabr 2022 yil 291

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirovning 1 oktyabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli ichki ishlar organlari faxriylari, ustoz-muallimlar!

Bugungi qutlug’ sana bilan barcha o’qituvchi va murabbiylarni, xususan Ichki ishlar vazirligining viloyatimizdagi ta’lim muassasalarida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan ustoz-muallimlarni, shuningdek ko’p yillar ichki ishlar organlarida faoliyat yuritib, ayni damda yosh xodimlarga murabbiylik qilayotgan faxriylarimizni samimiy tabriklayman.

Ichki ishlar organlari tizimini chuqur bilimga ega yetuk kadrlar bilan ta’minlash, har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish, ularga kasb sirlarini o’rgatish, vatanparvar, mard va jasur yurt farzandlarini tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani Siz - aziz ustoz va murabbiylarimiz sharaf bilan ado etmoqdasizlar.

Xalqimiz azal-azaldan ustozlarni mo’’tabar va tabarruk zot sifatida e’zozlab kelgan. Ichki ishlar organlari tizimida ham ushbu sana ezgu an’analarning amaldagi ifodasi sifatida keng nishonlanmoqda.

Ayniqsa, so’nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz SHavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda ta’lim sohasini tubdan rivojlantirish, o’qituvchi va murabbiylar, ustozlarning obro’-nufuzini yuksaltirish, ularga barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilayapti.

Mamlakatimizda ta’limga, o’qituvchi va murabbiylarga ko’rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor, o’z navbatida farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizga munosib, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni mukammal egallagan, ona Vatanimiz taraqqiyotiga sadoqat bilan xizmat qilishga tayyor shaxslar bo’lib qadam qo’yishlariga zamin yaratishi shubhasizdir.

Fursatdan foydalanib, ichki ishlar organlarida ilm-fan, ta’lim-tarbiya sohalarini rivojlantirish, yoshlarga zamonaviy talablar asosida bilim berish, ularda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni kamol toptirish ishlariga ulkan hissa qo’shayotgan aziz ustozlarimizni bugungi sana munosabati bilan yana bir bor qutlab, uzoq umr, mustahkam sog’lik, baxt-saodat, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilayman!

Text to speech