23 Fevral 2021 yil 665

Imkoniyatdan xulosa chiqarmadi

Inson o’z nafsini jilovlay olmasa, shubhasiz uning quliga aylanadi. Bunday kishi har qanday jirkanch ishdan qaytmaydi. Jinoyat ishlari bo’yicha Mirzacho’l tuman sudi tomonidan ko’rilgan jinoyat ishida shunday shaxsning hatti-harakatiga huquqiy baho berildi. Ochiq sud majlisida axloq tuzatish jazosini o’tayotgan fuqaro yana jinoyatga qo’l urib, giyohvandlik moddasini sotganligi o’z isbotini topdi. Darvoqe, ushbu shaxs avval ham giyohvandlik moddasini sotish bilan bog’liq jinoyatda ayblangan edi.

Bugun mamlakatimizda adashganlarni avf etish va ularni jamiyat hayotida faol bo’lishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayapti. To’g’ri yo’lni tanlash esa insonning o’z qo’lida. Biroq bundan tegishli xulosa chiqarmagan shaxslar afsuski, yana qing’ir yo’lni tanlashadi.

59 yoshli Abduqodir Nazarov (ismi familiyasi o’zgartirilgan) ham ana shunday shaxslar sirasidan desak mubolag’a bo’lmaydi. Boisi u giyohvand modda sotganligi uchun jinoyat ishlari bo’yicha Mirzacho’l tuman sudining 2020 yil 4 noyabrdagi hukmi bilan aybdor deb topilib, ozodlikni cheklash jazosini o’tayotgan edi. O’rgangan ko’ngil o’rtansa qo’ymas deganlaridek, u yana shu ishga qo’l urdi. Oqibatda qilmishi uchun sud qarshisida javob berishiga to’g’ri keldi.

Ma’lum bo’lishicha, Abduqodir Nazarov Mirzacho’l tumani Toshkent qishloq fuqarolar yig’ini hududidagi tashlandiq dala maydonida yovvoyi holda o’sayotgan giyohvandlik o’simligini terib, uni kelajakda sotishni maqsad qilgan. Tuman ichki ishlar bo’limi xodimlari tomonidan o’tkazilgan tezkor tadbirda Abduqodir Nazarov yashash xonadonida mijozga qora rangli polietelin paketda og’irligi 58,1 gramm bo’lgan marixuana giyohvandlik moddasini ikki yuz ming so’mga sotgan vaqtida ushlangan.

Sud hay’ati ish hujjatlari bilan atroflicha tanishdi va sudlanuvchi hamda guvohlarning ko’rsatmalarini tinglab, taraflar fikrini eshitdi. Ishda to’plangan dalillar tahlil qilindi. Ko’rilgan ish bo’yicha sud Abduqodir Nazarovga uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Hukm e’lon qilindi. Qo’lida kasb-hunari bo’lgan, oilali bir kishi berilgan imkoniyatdan to’g’ri xulosa chiqarmaganligi bois panjara ortida pushaymonlikda umrining yana besh yilini o’tkazadi. Bir so’z bilan aytganda nafs yo’lida bosilgan qadam oxir-oqibat yana jarlikka olib keldi.

 

Jizzax viloyat IIB axborot xizmati.

Text to speech