31 Mart 2023 yil 250

Gulistonliklar bilan ochiq muloqot

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Zomin tumani Guliston mahallasida aholi va yoshlar bilan uchrashdi. Sayyor qabul avvalida tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli A.Toirov oilaviy shifokor punktida mutasaddilar bilan uchrashdi.

Ma’lum qilinishicha, 3- sektor tomonidan tibbiyot maskanining suv bilan bog’liq muammosi qisqa fursatda hal etiladi. Bundan tashqari sektor rahbari ichki ko’chalarni ta’mirlash, shag’al yotqizish ishlarining borishi bilan ham tanishdi. Jarayonda hudud infartuzilmasini yanada yaxshilash bo’yicha mas’ullarga ko’rsatmalar berildi. So’ngra mahalladagi 22- sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Mahalla nuroniylari, tuman jamoatchiligi hamda mas’ullar va aholi ishtirokidagi tadbirda yurtimizda yosh avlodning ta’lim olishi, ularning bilimli va zukko bo’lib kamol topishi uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani aytildi. SHu bilan birga mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanganligi qayd etildi.  

Ochilish marosimida muassasa tarbiyalanuvchilari tomonidan badiiy dastur namoyish etildi. Tadbir davomida 3- sektor tomonidan bog’chaga sovg’alar topshirildi va ramziy bog’ich qirqilib, muassasada yuzaga keltirilgan qulayliklar ko’zdan kechirildi. Tadbir davomida Jizzax viloyati IIB JXX YHXB tomonidan tarbiyalanuvchilarga yo’l harakati belgilarini targ’ib qiluvchi jihozlar topshirildi. Ushbu ko’rgazmali qurollar bitta xonaga joylashtirilib, ishchi holatiga keltirildi.

Mahalladagi 30- sonli o’rta umumta’lim maktabida o’tkazilgan sayyor qabul avvalida 3- sektor hududidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi 6 nafar ehtiyojmand fuqarolarga elektr pechlar va uy-ro’zg’or buyumlari, 3 nafariga o’zini o’zi band qilishi uchun subsidiya asosida uskunalar, 1 nafariga kredit asosida mototsikl, 16 yoshga to’lgan 4 nafar shaxslarga O’zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar hamda 1 nafar yoshga oliy ta’lim uchun shartnoma puli to’langanligi haqida sertifikat topshirildi. 4 nafar tashabbuskor yoshlar esa viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining faxriy yorlig’i bilan taqdirlandi.

Muloqotda fuqarolar o’zlarini qiynab kelayotgan qator muammolarni hal etishda sektor rahbaridan amaliy yordam so’rashdi. Xususan, salomatligini tiklash, bandlik, uy-joyini ta’mirlash, yo’lovchi tashish faoliyatini yo’lga qo’yish, moddiy yordam, ko’rsatilgan xizmat uchun pul mablag’ini undirish, ko’chalarni shag’allashtirish kabi masalalar bayon etildi. Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, mutasaddilarga ularning ijrosini ta’minlash bo’yicha vazifalar yuklatildi.

Qisqasi, 3- sektor rahbarining aholi, xususan yoshlar bilan muloqoti samarali kechdi. SHu qatorda ko’plab masalalarni barataraf qilish, hudud infartuzilmasini, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashga oid choralar belgilib olindi.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech