7 Fevral 2023 yil 263

Firibgarlardan ogoh bo’ling!

Bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali xayriya yordami ko’rsatilayotgani yoki moddiy yordam berish haqida tez-tez yolg’on xabarlar tarqalmoqda. Ushbu e’lonlar orqali davlat tashkilotlarining rasmiy veb saytlariga o’xshash soxta havolalar ilova qilinayapti. Mazkur havolaga kirish orqali fuqaroning nomida bo’lgan bank plastik kartasidagi pul mablag’lar yo’qoladi. Aniqrog’i, pullar firibgar va o’g’rilarning hisobiga borib tushadi. Hozirda ayrim yurtdoshlarimiz bilib-bilmay shu kabi e’lonlarga ishonib, firibgarlar tuzog’iga tushib qolmoqda, afsuski. Jizzax viloyati IIO xodimlari tomonidan fuqarolarni ayni yo’nalishdagi qonunbuzarliklardan ogoh etish, plastik kartadagi pullarni xavfsiz saqlash, kiberjinoyatchilar tuzog’iga tushib qolishining oldini olish maqsadida savdo va ko’ngilochar markazlar, bozorlar hamda mehnat jamoalarida profilaktik tadbirlar o’tkazilmoqda. Paxtakor tumanidagi harbiy qismda tashkil etilgan “Internet ijtimoiy tarmog’i orqali bank plastik kartalarida sodir etilayotgan o’g’irlik va firibgarlik jinoyatlarining qurboniga aylanib qolmang” mavzusidagi targ’ibotda harbiy xizmatchilarga bank plastik kartalarining raqamlari va yashirin kodlarini hech kim bermaslik kerakligi tushuntirildi.

SHuningdek, ayni yo’nalishdagi qonunbuzarliklar hayotiy misollar yordamida yetkazildi. YOlg’on xabarlardan ogoh bo’lish uchun IIV Kiberxavfsizlik markazining “Cyber102” profilaktik platformasini doimiy kuzatib borish kerakligi aytildi.

Forish tog’ poligonida ham shunday tadbir uyushtirildi. Harbiy xizmatchilarning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan har xil mazmundagi soxta havolalar, firibgarlarning bank plastik kartalardan pullarni qanday yechib olishi va ushbu havolalardan himoyalanish bo’yicha bilimlari oshirildi.

Jarayonda ishtirokchilar mavzu yuzasidan o’z fikr va mulohazalarini bildirishib, qiziqtirgan savollariga javob olishda.

Bu kabi tadbirlar mehnat jamoalari va aholi gavjum joylarda davom etmoqda.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech