6 Dekabr 2021 yil 417

Avtomashina o’g’irligini fosh etgan xodim rag’batlantirildi

Joriy yilning 4 dekabr’ kuni tonggi soat oltilarda Dilorom mahallasida “Neksiya” rusumli avtomashina o’t oldirilib qarovsiz qoldirilishi oqibatida noma’lum shaxs tomonidan olib qochilgan. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ko’rilgan tezkor tadbirlarda avtomashina Samarqand mahallasi hududidan topildi.

Mazkur jinoyatni sodir etgan shaxsni aniqlash va qonuniy chora ko’rilishini ta’minlashda tuman ichki ishlar bo’limi, huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’linmasi profilaktika inspektori Rustam Muxtorov jonbozlik ko’rsatdi.

CHunonchi, 5 dekabrga o’tar kechasi soat 03:40 larda Do’stlik mahallasida bemaqsad yurgan shaxs profilaktika inspektorining e’tiborini tortadi. Zafarobod tumanida yashovchi ushbu shaxs tuman ichki ishlar bo’limiga olib kelinib tintuv qilinganda uning cho’ntagidan olib qochilgan avtoulovning kaliti topiladi. Ma’lum bo’lishicha, u “Neksiya”ni olib qochib, yoqilg’isi tugagach tashlab ketgan.

Paxtakor tumani ichki ishlar bo’limida o’tgan tadbirda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov qonunbuzarni qo’lga olishda jonbozlik ko’rsatgan profilaktika inspektori, leytenant Rustam Muxtorovga minnatdorlik bildirdi. Xodimning o’z vazifasini bajarishi va yutuqlarga erishishida oiladagi muhitning o’rni aytilib, xodimning ota-onasi qimmatbaho sovg’a bilan taqdirlandi.

Mazkur yig’ilish davomida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i tumanda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash xususida so’z yuritdi. Joriy yilning o’tgan davrida sodir etilgan jinoyat turlari, ularning sodir etilishi sabablari hududlar kesimida tahlil qilindi. SHuningdek, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlar ishtirokidagi qonunbuzarliklar, joylarda o’tkazilayotgan profilaktik tadbirlar ham atroflicha muhokama etildi.

Yig’ilishda ichki ishlar organlari probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslarni ijtimoiy moslashtirish, ularning takroran jinoyat sodir etishlariga yo’l qo’ymaslik, bu borada amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlar ham ko’rib chiqildi. Ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan islohotlar, yangilik va o’zgarishlar tilga olindi.

Xususan, tizim moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining xizmat sharoitlarini yaxshilash, turar joy bilan ta’minlash kabi imtiyozlar qayd etildi. Bundan tashqari xodimlarning kasbiy ko’nikmalarini oshirish, fuqarolar bilan muomala madaniyatini yaxshilash, xizmat intizomiga qat’iy rioya etish, tamagirlik va boshqa salbiy holatlarga yo’l qo’ymaslik zarurligi uqtirildi.

Tadbirda 3- sektor hududida aholini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yo’llarni ta’mirlash, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan bog’liq muammolarni hal etish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech