25 Fevral 2020 yil 1690

G'allaorol tumani ichki ishlar bo'limi sport zalining ochildi

G'allaorol tumani ichki ishlar bo'limi sport zalining ochilish marosimida viloyat ichki ishlar boshqarmasi, hokimlik, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar. Tadbir avvalida mamlakatimizda ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan islohotlar, xususan, soha vakillarining jangovar shayligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to'xtalib o'tildi.

Ma'lumot o'rnida aytish joizki, uzunligi 30, eni 16, balandligi
11 metrlik ushbu inshootda xodimlarning sport bilan shug'ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Chunonchi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan yugurish yo'lakchasi, brus, tennis stoli kabi 10 dan oshiq sport anjomlari ajratildi. Natijada xodimlarda engil va og'ir atletika hamda sambo va boks bilan muntazam shug'ullanish imkoniyati paydo bo'ldi.  

Ilgari soha vakillarining jismoniy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan mashg'ulotlar tuman Markaziy o'yingohida uyushtirilardi. Ichki ishlar bo'limida sport zalning bo'lishi shaxsiy tarkibning jangovar shayligi va jismoniy salohiyatini oshirish, salomat bo'lishi va ruhiy engillashuvini ta'minlashda qo'l keladi.

Shuningdek, bu erda xodimlarning oila a'zolari ham sport bilan shug'ullanishlari mumkin. Kelgusida sport anjomlari soni yanada oshiriladi. Aytgancha, yaqin kunlarda sohaviy xizmatlar o'rtasida tennis, kurash, mini futbol musobaqalari o'tkazish ko'zda tutilmoqda. Ikki nafar xodim sport murabbiyligiga jalb etildi. 2020 yilda G'allaorol tumani ichki ishlar bo'limi futbol maydoniga sun'iy qoplama to'shash rejalashtirilgan.

Text to speech